Parlamentlararo ittifoq O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatladi

Sputnik
TOShKENT, 8 sen — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo ittifoq delegatsiyasi - ushbu nufuzli tuzilma raisi Duarte Pacheko va bosh kotibi Martin Chungongni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Mirziyoyev O‘zbekistonning Parlamentlararo ittifoq bilan sermahsul hamkorligi jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
“Parlamentlararo ittifoqning yuqori darajali vakillari O‘zbekiston yetakchisiga qo‘shma tashabbuslarni ilgari so‘rishda ko‘rsatayotgan har tomonlama ko‘mak uchun minnatdorlik bildirib, Yangi O‘zbekistondagi yangilanishlar va islohotlar dasturini to‘liq qo‘llab-quvvatladilar”, - deyilgan xabarda.
Uchrashuvda barqaror rivojlanish, demokratik qadriyatlarni ilgari surish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash sohalaridagi maqsad va vazifalarga erishish, ittifoqning Innovatsiyalar markazi bilan hamkorlik qilish kabi yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shu kunlarda Toshkent shahrida jahon mamlakatlari parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammiti o‘tmoqda. Uning kun tartibidan demokratik va ijtimoiy iqtisodiy yangilanishlarni qo‘llab-quvvatlashning samarali institutlarini rivojlantirish, gender siyosatni amalga oshirishga doir global va mintaqaviy ahamiyatga ega muhim masalalar o‘rin olgan.
Parlamentlararo ittifoq 1889-yilda ta’sis etilgan xalqaro tashkilotdir. Dunyo parlamentlarining yetakchi xalqaro organi sifatida 179 mamlakatni o‘zida birlashtirgan. 1971-yildan buyon bosh qarorgohi Jenevada joylashgan.
O‘zbekiston bu Ittifoqqa 1992-yilda a’zo bo‘lgan. 2017-yil 13-oktabrdan mazkur tashkilotdagi a’zoligini qayta tiklagan.
Parlamentlararo Ittifoq dunyo mamlakatlarining qonun chiqaruvchi organlari uchun global muloqot maydoni hisoblanib, uning doirasida muhokama qilingan masalalar jahon hamjamiyati e’tiboriga yetkaziladi. Parlamentlar o‘rtasidagi aloqalarni rag‘batlantirish va xalqaro tinchlik hamda hamkorlikni mustahkamlashda birgalikda faoliyat ko‘rsatish uchun ularni birlashtirish mazkur tashkilotning asosiy vazifalaridan biridir.