TOShKENT, 8 sen — Sputnik. Parlamentlararo Ittifoqning 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan strategik rejasini amalga oshirish natijasida so‘nggi 5-yil ichida dunyoda ayol parlamentariylar soni 23,4 foizdan 26 foizga o‘sdi.
Bu haqida Tanzila Narbayeva Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar ayol rahbarlarining 14-sammitida ma’lum qildi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
“Bugun turli mojarolar avj olib, yangi xavf va to‘qnashuvlar paydo bo‘lmoqda, yaqin kelajakda dunyoda qanday siyosiy va iqtisodiy tartib hukmron bo‘lishini hech kim bashorat qila olmaydi”, deydi Senat raisi.
So‘nggi yillarda dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida pandemiya tufayli savdo-iqtisodiy aloqalarning qisqarishi, jamiyat hayotining turli sohalarida xavf-xatarlarning kuchayishi, ishlab chiqarish hajmining qisqarishi, ishsizlikning kuchayishi kuzatilmoqda.
Hozirgi vaqtda pandemiya tufayli yuzaga kelgan inqirozdan keyin iqtisodiyotni tiklash jarayonini barqarorlashtirish va jadallashtirish bo‘yicha xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini birlashtirish masalasi har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Tanzila Narbayeva o‘z so‘zida bugungi anjuman kun tartibidagi barcha mavzular nihoyatda dolzarb bo‘lib, dunyo davlatlarining kelajak taqdiri uchun katta ahamiyatga ega ekanligini qayd etib o‘tdi.
"Nufuzli xalqaro tashkilotlarning ma’lumotlariga ko‘ra, ayollar pandemiyadan eng ko‘p jabr ko‘rgan. Xususan, mehnat bozorida ayollarning 5 foizi ishsiz qolgan. Oilalardagi og‘ir ahvol tufayli ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari ko‘payib ketgan. Jinoyat va huquqbuzarliklar soni ham ortib bormoqda”, deydi Tanzila Narbayeva.
Shu bilan birga, u shunday murakkab sharoitda xalqaro hamjamiyatning birgalikdagi sa’y-harakatlari, bir-biriga bo‘lgan xayrixohlik tufayli vaziyat sezilarli darajada yaxshilanganini ta’kidladi.
Ammo pandemiya hali ham davom etayotgan, uning asoratlari haligacha bartaraf etilmagan bir sharoitda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, qonunchilik, xalqaro standart va normalarni yanada takomillashtirish davr talabi bo‘lib qolmoqda.
“Shundan kelib chiqib, bugungi sammitda biz pandemiya oqibatida yuzaga kelgan jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy inqirozlarni, xususan, yangi xavflarni bartaraf etish bo‘yicha konstruktiv takliflar ishlab chiqish va ularni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni belgilashni maqsad qilib qo‘ydik”, deydi Senat raisi.
Eslatib o‘tamiz, sammit o‘z ishini 9 sentbr kuni ham davom ettiradi. Unda BMT, Parlamentlararo Ittifoq va unga a’zo mamlakatlar parlamentlari palatalarining ayol-spikerlari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasi kabi xalqaro tashkilotlar rahbarlari, 17 davlatdan 120 dan ortiq parlament vakillari ishtirok etmoqda.