Putin Rossiya ZAESni o‘qqa tutgani haqidagi ayblovlarga keskin javob qaytardi

Putinning aytishicha, g‘arblik hamkorlar bunday ayblovlar haqiqatan ham “sog‘lom fikrga to‘g‘ri kelmasligini” tan oladi.
Sputnik
TOShKENT, 7 sen — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin rossiyalik harbiylar Zaporojye atom elektr stansiyasini o‘qqa tutgani haqidagi xabarlarni bema’nilik deb atadi.
“Biz stansiyani nazorat qilamiz. U yerda harbiy xizmatchilarimiz turibdi. Nima biz o‘zimizga o‘zimiz o‘q uzapmizmi? Bu shunchaki bema’nilik. Boshqacha aytish mumkin emas”, dedi Putin Sharqiy iqtisodiy forumda so‘zlagan nutqida.
Bundan tashqari, uning qo‘shimcha qilishicha, suhbatlarda g‘arblik hamkorlar bunday ayblovlar haqiqatan ham “sog‘lom fikrga to‘g‘ri kelmasligini” tan oladi.
“Bu birinchidan, ikkinchidan, u yerda HIMARS va boshqa G‘arb qurollarining bo‘laklari yotibdi”, deya xulosa qildi prezident.
Ukraina qo‘shinlari Zaporojye atom elektr stansiyasini muntazam ravishda o‘qqa tutmoqda. O‘tgan haftada agentlik rahbari Rafael Grossi boshchiligidagi MAGATE delegatsiyasi stansiyaga tashrif buyurdi.
Tekshiruv natijasida missiyaning ikki nafar a’zosining stansiyada doimiy ravishda qolishiga qaror qilindi. Bundan tashqari, MAGATE Ukrainadagi yadro xavfsizligi bo‘yicha hisobotini e’lon qildi. Hujjatning salmoqli qismi agentlik mutaxassislarining atom elektr stansiyalaridagi missiyasiga bag‘ishlangan. Kuzatuvchilar radioaktiv chiqindilar va yangi yadro yoqilg‘isini saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus bo‘linmaga yetkazilgan zararni qayd etgan. Agentlik rasmiylari stansiya va uning atrofini o‘qqa tutishni to‘xtatishga chaqirgan.