TOShKENT, 6 sen — Sputnik. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida avtomototransport vositalari bilan bog‘liq xizmatlarda uzilishlar yuzaga kelmoqda.
Avtomototransport vositalariga oid quyidagi hizmatlarda uzilishlar kuzatilmoqda:
Eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish;
Avtotransport oynalarining tusini o‘zgartirishga ruxsatnoma olish;
Avtotransport boshqaruvi uchun jismoniy shaxslarga elektron ishonchnoma berish.
Qayd etilishicha, mazkur uzilishlar IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining “Avtomototransport hisobi” va "Haydovchilik guvohnomasi" axborot tizimlari yangi “Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi”ga o‘tayotganligi munosabati bilan kuzatilmoqda.
Hozirda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi mutaxassislari tomonidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda eski haydovchilik guvohnomasini almashtirish muddati 2023-yilgacha uzaytirilgan.
Adliya vazirligi haydovchilik guvohnomasini masofadan almashtirishni yo‘lga qo‘yilishni rejalashtirgan. Onlayn tartib joriy etilsa, xaydovchilarning davlat xizmatlari markaziga kelishi shart bo‘lmaydi. Bu faqat elektron ravishda amalga oshiriladi. Tayyor guvohnoma esa pochta orqali yetkazib beriladi.
Shuningdek, 1-sentabrdan boshlab avtomobillarni boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi. 2024-yil oxiriga qadar yo‘lovchilarni yengil avtotransport vositalarida tashish faoliyati o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritilmoqda.