Qoraqalpog‘istonlik tadbirkorlar uchun soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi

Qoraqalpog‘istonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorijiy davlatlarga eksport qilishdagi transport xarajatlarining 70 foizi Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplab beriladi.
Sputnik
TOShKENT, 6 sen — Sputnik. Qoraqalpog‘istonlik tadbirkorlarga 2028-yilgacha soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi. Bu haqida 5-sentabr kuni prezident tomonidan qabul qilingan tegishli farmonda nazarda tutilgan.
Hujjatga muvofiq, respublikaning barcha tumanlarida joylashgan va shu hududda faoliyat yuritadigan tadbirkorlik subyektlari uchun 2023-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davrda soliq stavkalarida bir qator imtiyozlar berilmoqda.
Unga ko‘ra:
Foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i bo‘yicha soliq stavkalari 50 foizga kamaytirilgan holda;
ijtimoiy soliq kamaytirilib, 1 foiz miqdoridagi soliq stavkasida;
yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanayotgan ijtimoiy soliq shaharlar hududida faoliyat yuritayotganlar uchun 12 baravarga, tumanlar hududida faoliyat yuritayotganlar uchun 6 baravarga kamaytirilib, yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida.
Bunda yirik soliq to‘lovchilar, doimiy muassasalar, budjet tashkilotlari va davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘proq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslarga mazkur bandda belgilanayotgan imtiyozlar tatbiq etilmaydi.
Shu yilning 1-oktabridan 2028-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davrda:
Qoraqalpog‘istonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorijiy davlatlarga eksport qilishda, shu jumladan, eksport qilinadigan mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun xarid qilingan xomashoni respublika bo‘ylab tashishda transport xarajatlarining 70 foizi Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplab beriladi;
ajratiladigan kredit summasining 75 foizigacha,biroq umumiy qiymati 2,5 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan kafilliklar taqdim etiladi.
Hujjatga ko‘ra, yosh tadbirkorlargaishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish uchun zarur asbob-uskunalarni xarid qilish maqsadida Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali 7-yil muddatga qarz mablag‘lari taqdim etiladi.
Shuningdek, “Amudaryo deltasida kichik suv havzalarini barpo qilish. Faza II” loyihasi doirasida moliyalashtirish ishlarini tashkil qilish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan 100 million dollar ekvivalentida kredit liniyasi ajratiladi.
Qolaversa, Qoraqalpog‘istonda joylashgan va ushbu hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlariga bepul asosda ko‘maklashuvchi “Investorlarga ko‘mak markazi” va markaz qoshida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarida maydoni kamida 10 gektar bo‘lgan ishlab chiqarish texnoparki tashkil etiladi.