Yil yakuniga qadar yana 20 ming gektar ekin maydoni aholiga bo‘lib beriladi

Qo‘shimcha ajratilayotgan 20 ming gektar va kelgusida beriladigan 100 ming gektar ekin maydonlari hisobidan importni qisqartirishga erishish kerak.
Sputnik
TOShKENT, 5 sen — Sputnik. Yil yakuniga qadar yana 20 ming gektar ekin maydoni aholiga bo‘lib beriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash va zaxirasini yaratish masalalari muhokama qilindi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, iqlimning keskin o‘zgarayotgani, ko‘p davlatlarda qurg‘oqchilik bo‘lgani oqibatida butun dunyoga oziq-ovqat yetishmovchiligi xavf solmoqda. Xalqaro maydondagi vaziyat tufayli global ishlab chiqarish zanjirlarining uzilishi, logistikadagi muammolar sababli ko‘pchilik davlatlar oziq-ovqat mahsulotlari eksportiga cheklovlar qo‘ymoqda.
"Viloyat, tuman va shahar hokimlari bunday sharoitda o‘z hududida ichki talabni to‘liq ta’minlash va eksportni oshirish bo‘yicha imkoniyatlarini hisob-kitob qilishi shart. Lekin, hali ko‘p hokimlar buni tushunib yetmayapti”, - dedi Mirziyoyev.
Prezident bu yil 80 ming gektar maydon paxta va g‘alladan qisqartirilib, aholiga bo‘lib berilganini eslatdi.
“Bugun imzolangan prezident qaroriga ko‘ra yil yakuniga qadar yana 20 ming gektar ekin maydoni aholiga bo‘lib beriladi. Kelgusi yilda 100 ming gektar ekin maydoni aholiga tanlov asosida ajratiladi”, - dedi davlat rahbari.
Ta’kidlanishicha, buning hisobiga, 1 million 200 ming nafar aholini band qilish uchun sharoit yaratiladi.
Joriy yilda qo‘shimcha ajratilayotgan 20 ming gektar va kelgusida beriladigan 100 ming gektar ekin maydonlari hisobidan importni qisqartirishga erishish kerak. Qolaversa, oziq-ovqat mahsulotlari ekishni kamida 300 ming gektarga yetkazish lozim.
Oziq-ovqat uchun mo‘ljallangan yerlarga ekinlarni joylashtirishni bundan buyon Bog‘dorchilik agentligi belgilab beradi.