Vladivostok Sharqiy iqtisodiy forumida ShHTning roli muhokama qilinadi

Ishtirokchilar ShHTning rivojlanayotgan ko‘p qutbli dunyoda tutgan o‘rni, tashkilotning bo‘lajak sammiti kun tartibiga qanday masalalarni kiritish zarurligini muhokama qiladi.
Sputnik
TOShKENT, 5 sen — Sputnik. VII Sharqiy iqtisodiy forum doirasida o‘zgaruvchan geosiyosiy vaziyatda Shanxay hamkorlik tashkilotining roli muhokama qilinadi. ShHT Bosh kotibi o‘rinbosari Grigoriy Logvinov yalpi majlisda “O‘zgaruvchan dunyoda ShHTning roli” mavzusida onlayn tarzda ma’ruza qiladi, deb xabar qildi tashkilot matbuot xizmati.
Undan tashqari majlisda ShHTning sobiq bosh kotibi, professor Rashid Alimov, VEB.RF katta bankiri Sergey Storchak, Rossiya va Xitoy Fanlar akademiyalari, MGIMO, Federal bojxona xizmati vakillari va boshqa ekspertlar ishtirok etadi.
Ishtirokchilar ShHTning rivojlanayotgan ko‘p qutbli dunyoda tutgan o‘rni, arab davlatlari va Janubiy Osiyo davlatlarining tashkilot faoliyatiga qo‘shgan hissasi, tashkilotning bo‘lajak sammiti kun tartibiga qanday masalalarni kiritish zarurligini muhokama qiladi.
5-8 sentabr kunlari Vladivostokdagi Uzoq Sharq federal universitetida Sharqiy iqtisodiy forum bo‘lib o‘tmoqda. Unda yo‘lbarslarni saqlash bo‘yicha xalqaro forum, keng ko‘lamli biznes dasturi, shuningdek, “Vladivostok fasllari” madaniy festivali, sport tadbirlari va ko‘rgazmalar o‘tkaziladi.