Yana 10 ta soha vakillari o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritiladi

Rieltorlik, dallollik, ijaraga berish bilan shug‘ullanadiganlar ham o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritildi.
Sputnik
TOShKENT, 4 sen — Sputnik. Yana 10 ta faoliyat turi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritiladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining 30-avgust kuni imzolagan qarorida keltirilgan.
Qarorga ko‘ra, 2022-yil 1-noyabrdan:
uy hayvonlari (qoramol, qo‘y, echki, ot va boshqalar) bozorlarida vositachilik xizmati;
avtomobil bozorlarida vositachilik xizmati;
rieltorlik xizmatini ko‘rsatish (ijaraga uy topib berish, uy sotib olish va sotishga ko‘maklashish);
uyda sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash va sotish xizmati;
maishiy buyumlarni ijaraga berish xizmati (stol-stul, idish-tovoq, asbob-uskuna va boshqalar);
gips va ganchdan buyumlar yasash (uy jihozlari, ertak qahramonlari haykallarini yasash);
tosh va tosh mahsulotlaridan yodgorlik, suvenir va dekorativ buyumlar tayyorlash;
yog‘och mahsulotlaridan savat, non mahsulotlari uchun maxsus idish va boshqa buyumlarni to‘qish;
uy sharoitida pilla yetishtirish, shaxsiy tomorqa yer uchastkasida tut mevasi, niholi va ko‘chatini yetishtirish, uyda ipak mato, ipak gilam to‘qish va sotish;
kulolchilik faoliyati o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga kiritiladi.
Eslatib o‘tamiz, 1-sentabrdan taksichilar ham o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar qatoriga kiritilishi xabar qilingan edi.