TOShKENT, 4 sen — Sputnik. Rossiyaning energiya resurslari eksportidan olayotgan daromadi G‘arb sanksiyalari tufayli o‘sdi. Bu haqda RTL radiosi efirida fransiyalik jurnalist va yozuvchi Fransua Lengle ma’lum qildi.
“U (Rossiya – tahr.) tom ma’noda pulga cho‘milmoqda <…> Rossiya sanksiyalar tufayli ko‘proq pul ishlayapti. Bozorda energiya resurslarining kam hajmi qimmatroq narxda sotilyapti – bu ko‘proq pul ishlab olish imkonini beradi”, - dedi u.
Lengle mojaro boshlangandan buyon Yevropa mamlakatlari Rossiyaga 84 milliard yevro to‘lashganini ta’kidladi, “daromad soniyasiga 3700 yevroga oshmoqda”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning elektr resurslari eksportidan ko‘rgan daromadi taxminan 40 foizga o‘sgan.
Ma’lumot uchun, G‘arb davlatlari Ukrainadagi maxsus operatsiya fonida Rossiyaning neft va gaz eksportidan keladigan daromadlarini cheklash bo‘yicha turli urinishlarni amalga oshirishda davom etmoqda. Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, uglevodorodlari yetkazib beruvchi zanjirlarining uzilishi Yevropa va AQShda yoqilg‘i va oziq-ovqat narxlarining oshishiga olib keladi va bu jarayon allaqachon boshlangan.
Vladimir Putin avvalroq Rossiyani jilovlash va kuchsizlantirish siyosati G‘arb davlatlari uchun uzoq muddatli strategiya ekanligini va sanksiyalar butun jahon iqtisodiyotiga jiddiy zarba berganini ta’kidlagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arbning asosiy maqsadi millionlab odamlar hayotini yomonlashtirishdir.