O‘zbekiston Hirotda juma namozida sodir etilgan terrorchilikni qoraladi

O‘zbekiston Hirot shahridagi masjidda juma namozi paytida sodir etilgan portlashni qat’iy qoralaydi, deyiladi TIV bayonotida.
Sputnik
TOShKENT, 4 sen — Sputnik. O‘zbekiston Afg‘onistonning Hirot shahridagi "Guzargoh" masjidida 2-sentabr kuni juma namozi paytida sodir etilgan hamda tinch aholi orasida ko‘plab insonlarning qurbon bo‘lishi va jarohatlanishiga sabab bo‘lgan terrorchilik harakatini qat’iy qoralaydi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotda keltirilgan.
“Bu kabi qabih harakatlar Afg‘onistondagi vaziyatning keskinlashishiga olib kelishi barobarida, mamlakatda uzoq muddatli va barqaror tinchlik hamda milliy totuvlikning o‘rnatilishiga to‘sqinlik qiladi. Halok bo‘lganlarining oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, jabrlanganlarning sog‘ayib ketishini tilaymiz”, - deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, juma kuni Afg‘onistonning Hirot shahridagi masjidda sodir bo‘lgan portlash oqibatda o‘nlab kishilar qurbon bo‘ldi, xususan, ushbu masjid imomi ham halok bo‘ldi.