TOShKENT, 3 sen — Sputnik. O‘zbekiston hukumati 2022-yilda Rossiya bilan sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish niyatida. Bu haqda O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Rossiya bilan ko'p qirrali hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
© O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati
Qayd etilishicha, 1-2 sentabr kunlari O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Rossiya hukumati a’zolari bilan ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, shuningdek, transport va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi munosabatlarning hozirgi holati hamda ularni rivojlantirish istiqbollari muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazgan.
Rossiya bilan ko'p qirrali hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
© O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati
Xususan, 1-sentabr kuni Rossiya hukumati raisining o‘rinbosari Denis Manturov bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida o‘zbek ishlab chiqaruvchilarining to‘qimachilik sanoati mahsulotlari, maishiy texnika va qurilish materiallarini Rossiya bozoriga yetkazib berish hajmini oshirish imkoniyatlari birgalikda tahlil qilingan. Bundan tashqari, ikki mamlakat korxonalari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga qaratilgan qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayoni batafsil ko‘rib chiqilgan.
Rossiya bilan ko'p qirrali hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
© O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati
Rossiya hukumati raisining o‘rinbosari Aleksey Overchuk bilan bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilingan. Investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, sanoatda kooperatsiya aloqalarni mustahkamlash va Markaziy Osiyoda xalqaro transport-logistika kommunikatsiyalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Rossiyaning iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov bilan uchrashuvda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish, hududlararo hamkorlikni kengaytirish va o‘zbek-rus hamkorligining kun tartibidagi boshqa dolzarb masalalar muhokama qilingan. Tomonlar, shuningdek, joriy yilda bo‘lib o‘tadigan ikki tomonlama tadbirlarni o‘tkazishni muhokama qilgan.
Rossiya bilan ko'p qirrali hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
© O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati
2 sentabr kuni Rossiya hukumati raisining o‘rinbosari Viktoriya Abramchenko bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish masalalariga bag‘ishlangan. Qayd etilishicha, joriy yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekistondan Rossiyaga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti 2021-yilning shu davriga nisbatan 52 foizga o‘sib, 222,5 million dollarni tashkil etgan. Ushbu yo‘nalishda o‘zaro aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
Rossiya bilan ko'p qirrali hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
© O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati
Shuningdek, 1-2 sentabr kunlari Energetika vazirligi, Rossiya Federatsiyasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, "Rossiya temir yo‘llari" OAJ rahbariyati, shuningdek Rossiyaning yirik kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan. Muzokaralarda qishloq xo‘jaligi, O‘rta Osiyoda transport-logistika kommunikatsiyalarini rivojlantirish, shuningdek, boshqa o‘zaro manfaatli masalalar bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirish hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga kelishilgan.