Vladimir Putin O‘zbekistonni Mustaqillik bayrami bilan qutladi

Dunyo yetakchilari va xorijiy hamkorlar O‘zbekiston mustaqilligining 31-yilligi bilan samimiy qutlamoqda.
Sputnik
TOShKENT, 1 sen — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekiston mustaqilligining 31-yilligi munosabati bilan qutladi. Bu haqda O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati xabar qildi.
Shuningdek, Mirziyoyev nomiga xorijiy mamlakatlar yetakchilari, nufuzli siyosatchilar, taniqli jamoat va din arboblari, yetakchi xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy tuzilmalar rahbarlaridan qutlov va telegrammalar kelmoqda.
Rossiya prezidentidan tashqari Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish, Xitoy raisi Si Szinpin Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud, Saudiya Arabistoni Valiahdi, Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari, mudofaa vaziri Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud, Eron prezidenti Ibrohim Raisi, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Chjan Min va boshqalar o‘zlarining samimiy qutlovlarini yo‘llashgan.
Maktublarda mamlakat mustaqillik yillarida erishilgan yuksak yutuqlar hamda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli siyosiy yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning keng e’tirofga sazovor bo‘lgan ulkan natijalari alohida qayd etilgan. Yangi O‘zbekistonni barpo etish maqsadida olib borilayotgan strategik siyosat to‘liq qo‘llab-quvvatlangan.
Xorijiy yetakchilar va hamkorlar amalga oshirilayotgan konstruktiv va proaktiv tashqi siyosat o‘z samaralarini berayotganini ta’kidlab, Mirziyoyevning global va mintaqaviy xavfsizlik, barqaror va izchil taraqqiyotni ta’minlash, o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlik va amaliy sheriklikni kengaytirishga qaratilgan taklif va tashabbuslarini yuqori baholagan.
Shuningdek, tabriknomalarda O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklari izhor etilgan.