Rossiyaning Donbassdagi maxsus harbiy operatsiyasi

Maxsus operatsiyada g‘alaba qozonish uchun Rossiya yetarli resurslarga ega — Matviyenko

Federatsiya kengashi spikeri Rossiya jang maydonida nafaqat Ukraina qurolli kuchlari, millatchi batalonlari, balki G‘arb, NATO bilan ham to‘qnash kelayotganini ta’kidladi.
Sputnik
TOShKENT, 1 sen — Sputnik. Rossiyada Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyada g‘alaba qozonish uchun yetarli resurslar bor. Bu haqda Rossiya Federatsiya kengashi spikeri Valentina Matviyenko ma’lum qildi.

“Shubhasiz, bizda g‘alaba qozonish uchun yetarli resurslar – nafaqat moddiy resurslar, balki intellektual, ma’naviy resurslar ham bor. Mana, olti oy o‘tib, mamlakatimiz boshiga kelayotgan tahdid qanchalik katta bo‘lgani, maxsus harbiy operatsiya o‘tkazish qarori qanchalik o‘z vaqtida qabul qilingani ayon bo‘ldi”, - deydi Matviyenko.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jang maydonida nafaqat Ukraina qurolli kuchlari, natsist batalonlari, balki G‘arb, NATO bilan ham to‘qnash kelinmoqda.

“Operatsiya natijalari nafaqat mamlakatimizning yaxlit, suveren, kuchli davlat sifatida mavjudligini, balki u tugaganidan keyin dunyo qanday bo‘lishini ham belgilaydi”, - deb hisoblaydi Rossiya Federatsiya kengashi raisi.

Matviyenko Qurolli kuchlar eng zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlangani, rossiyalik harbiy xizmatchilar insonparvar harakat qilayotganini ta’kidlagan.

“Ular tinch aholidan tirik qalqon sifatida foydalanmaydi, shahar kvartallarini o‘qqa tutmaydi, ijtimoiy va kommunal infratuzilmani vayron qilmaydi”, - degan parlamentariy.

24 fevraldan beri Rossiya Ukrainani denatsifikatsiya va demilitarizatsiya qilish bo‘yicha harbiy maxsus operatsiya o‘tkazmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin uning vazifasi “sakkiz yil davomida Kiyev rejimi tomonidan tahqirlangan va genotsidga uchragan odamlarni himoya qilish” deb atagan. Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, yakuniy maqsad Donbassni ozod qilish va Rossiyaning o‘zi xavfsizligini kafolatlaydigan shart-sharoitlarni yaratishdir.