TOShKENT, 31 avg — Sputnik. Toshkent xalqaro aeroportida 56 bosh timsoh bolalarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yildi.
Davlat bojxona qo‘mitasi xabariga ko‘ra, timsoh bolalari Qoxira-Toshkent yo‘nalishida uchib kelgan fuqaroning yuklari ko‘zdan kechirilganda aniqlangan. Yo‘lovchi ularni sabzavot va mevalar solingan plastik idishlarda saqlagan. Bojxonachilarni chalg‘itish va timsohlar harakati skanerda aniqlanmasligi uchun konteynerlarni folgaga o‘ragan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur timsoh bolalarining umumiy qiymati 918,5 million so‘mni tashkil qiladi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, aniqlangan timsoh bolalarining tashqi ko‘rinishi Nil timsohi Crocodylus niloticus'ga o‘xshaydi.
Qo‘mita va "Toshkent-AERO" chegara veterinariya posti xodimlari timsoh bolalarini Toshkent hayvonot bog‘iga vaqtincha saqlash uchun topshirgan. Hayvonot bog‘i xodimlari timsohchalarning ahvolini qoniqarli deb baholashmoqda.