Rossiyaning O‘zbekistondagi savdo vakili “Angren” EIZga tashrif buyurdi

EIZ hududida 110 ta rezident kompaniya ro‘yxatga olingan. Ular hozirda umumiy investitsiyalar hajmi 1,4 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan 125 ta loyihani amalga oshirmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 31 avg — Sputnik. Rossiyaning O‘zbekistondagi savdo vakili Konstantin Zligostev “Angren” erkin iqtisodiy zonasiga tashrif buyurdi.
Aytilishicha, EIZ hududida 110 ta rezident kompaniya ro‘yxatga olingan. Ular hozirda umumiy investitsiyalar hajmi 1,4 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan 125 ta loyihani amalga oshirmoqda.
Ular orasida 40 mln dollardan ortiq sarmoya kiritgan sakkizta rus kompaniyasi ham bor.
Zligostev o‘z tashrifi davomida mazkur kompaniyalarning ishlab chiqarish hududlarini borib ko‘rdi.
Ushbu hududda “Teploizolyatsionnaya kompaniya” faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, korxona Rossiyaning yirik polimer asosidagi qurilish va pardozlash materiallari ishlab chiqaruvchi “Penoplex” kompaniyasi ishtirokida tashkil etilgan.
Korxonada kuniga 270 kub.m mahsulot ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarish liniyalarini kengaytirish loyihasi doirasida bu hajmni kuniga 1500 kub metrga yetkazish rejalashtirilgan.
Avvalroq Zligostev Tashkent Pharma Park farmatsevtika klasteriga tashrif buyurgan edi. Unda mamlakatda ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish bo‘yicha Rossiya kompaniyalari bilan qator shartnomalar imzolandi.