TOShKENT, 31 avg — Sputnik. Moskva kompaniyalarining O‘zbekistondagi biznes missiyasi nihoyasiga yetdi. Bu haqda Rossiyaning respublikadagi savdo vakolatxonasi ma’lum qildi.
U 29-30 avgust kunlari Moskva eksport markazi ko‘magida o‘tkazildi. Unda Rossiya poytaxtidan 15 ta kompaniya ishtirok etdi. Ular tibbiyot, qurilish, IT va oziq-ovqat kabi sohalarda o‘z mahsulotlarini namoyish etdi.
Tashrifning birinchi kuni panel muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar O‘zbekistonda biznesni rivojlantirishning asosiy jihatlarini hamda Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.
Shuningdek, mahsulotlarni respublika bozoriga olib chiqishning eng maqbul variantlari, mamlakatda vakolatxonalar ochish xususiyatlari, sertifikatlashtirish va boshqa masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Tadbir o‘zbekistonlik potensial hamkorlar bilan V2V muzokaralari bilan davom etdi. Ishtirokchilar yakuniy kuni Rossiyaning O‘zbekistondagi savdo vakili Konstantin Zligostev bilan tadbirning dastlabki natijalarini muhokama qildi.