TOShKENT, 31 avg — Sputnik. 12 sentabrdan Moskva birjasining valyuta bozorida “o‘zbek so‘mi – Rossiya rubli” (UZS/RUB) juftligida savdolar boshlanadi. Bu haqda birja matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, yangi valyuta bozorning professional ishtirokchilari, ularning mijozlari – jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining savdo imkoniyatlarini kengaytiradi.
“Shuningdek, ikki mamlakat iqtisodiy subyektlari uchun milliy valyutalarda hisob-kitob qilishni rivojlantirishga qo‘shimcha rag‘bat bo‘ladi”, - deyilgan xabarda.
Avvalroq Moskva birjasi 27-iyundan boshlab O‘zbekiston so‘mi bilan savdo qilishni boshlashi xabar qilingan edi. Keyinroq birja bu sanani boshqa kunga ko‘chirganini ma’lum qildi.
O‘zbekiston respublika valyuta birjasi 24-mart kuni Rossiya rubli/so‘m valyuta juftligi (RUB/UZS_TOM instrumenti) bo‘yicha birja savdolari muvaffaqiyatli o‘tkazilganini xabar qilgan edi.
Rossiya O‘zbekistonning asosiy hamkorlaridan biri. Joriy yilning yetti oyida ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash 30 foizga oshgan.