TOShKENT, 31 avg — Sputnik. Amerika Qo‘shma Shtatlarining Texas shtatidagi shifokorlar maymunchechak bilan kasallangan bemorning o‘limi haqida ma’lum qildi. Bu AQShda kasallik qayd etilganidan beri birinchi o‘limdir, deya xabar berdi RIA Novosti.
Mahalliy sog‘liqni saqlash departamentining ma’lumotiga ko‘ra, marhum Xarris okrugida yashovchi immuniteti zaif keksa odam bo‘lgan.
“Uning o‘limida maymun chechagi qanday rol o‘ynaganini aniqlash uchun tekshiruv ishlari ketmoqda. Ekspertiza natijalari keyinroq e’lon qilinadi”, - deyiladi xabarda.
Mahalliy matbuotning yozishicha, maymun chechagi bilan kasallangan odamning o‘limi bilan bog‘liq hodisa mamlakatda ilk marta kuzatilmoqda.
AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish federal markazlarining ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda mamlakatda maymunchechak infeksiyasining 18 mingdan ortiq holati qayd etilgan.
Maymun chechagi kamdan-kam uchraydigan virusli infeksiya bo‘lib, u odamlar orasida ham yuqadi. Bu odatda yengil holat bo‘lib, ko‘pchilik bir necha hafta ichida tuzalib ketadi, ammo ba’zilarida asoratlar paydo bo‘lishi mumkin. Maymun chechagining dastlabki belgilariga isitma, bosh og‘rig‘i, mushak og‘rig‘i, bel og‘rig‘i, shishgan limfa tugunlari, titroq va charchoq kiradi. Ko‘pincha yuzdan boshlanib, keyin tananing boshqa qismlariga tarqaladigan toshma paydo bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda maymun chechagi kasalligi qayd etilmagan. Kasallikning respublika hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida “Maymun chechagi uslubiy qo‘llanmasi” loyihasi tayyorlangan. Respublika chegara-bojxona postlarida sanitariya-karantin punktlarining ish faoliyati kuchaytirilgan.