Rossiyaning Donbassdagi maxsus harbiy operatsiyasi

Ukraina nima qilib bo‘lsa ham ZAESda terakt uyushtirmoqchi – deputat

Ukraina qo‘shinlarining Nikolayev va Xerson viloyatlaridagi hujumga urinish chog‘ida Ukraina qo‘shinlari 560 dan ortiq odam, 26 tank va ikkita hujumchi samolyotini yo‘qotgan.
Sputnik
TOShKENT, 30 avg — Sputnik. Kiyev hujumga urinish muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan keyin har qanday yo‘l bilan Zaporojye atom elektr stansiyasida terakt uyushtirish vazifasini qo‘ydi. Bu haqda Ukraina Oliy Radasining mandatdan mahrum qilingan deputati Ilya Kiva ma’lum qildi.
Rossiya Mudofaa vazirligi dushanba kuni Rossiya Qurolli kuchlari Vladimir Zelenskiyning bevosita buyrug‘i bilan qilingan Ukraina qo‘shinlarining Nikolayev va Xerson viloyatlaridagi hujumini qaytarganini ma’lum qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hujumga urinish chog‘ida Ukraina qo‘shinlari 560 dan ortiq odam, 26 tank va ikkita hujumchi samolyotini yo‘qotgan.
“Xersonga qilingan hujum muvaffaqiyatsizlikka uchragach va Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan tunda e’tiborni chalg‘itish uchun yetkazilgan yo‘qotishlardan so‘ng, har qanday yo‘l bilan Zaporojye atom elektr stansiyasida terakt uyushtirish vazifasi qo‘yildi. Ushbu jinoiy buyruqni amalga oshirish uchun Ukraina Qurolli kuchlarining artilleriya va hujum guruhlari ko‘magida Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasining eng yaxshi mutaxassislari jalb qilindi. Ukraina bugungi kunda terroristik davlatdir”, deya Kiva o‘zining Telegram kanalida yozgan.
Zaporojye AES Dneprning chap qirg‘og‘ida Energodar yaqinida joylashgan. Mart oyidan beri u Rossiya harbiylari himoyasida. Rossiya Tashqi ishlar vazirligida ta’kidlanganidek, bu yadroviy va radioaktiv materiallarning sizib chiqishining oldini olish uchun zarur. Ukraina harbiylari Energodar, uning atrofidagi qishloqlar va shaharga tutash Zaporojye AES hududini muntazam ravishda o‘qqa tutmoqda.