TOShKENT, 30 avg — Sputnik. Qoraqalpog‘istonda iyul oyi boshida sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha komissiya a’zolari Jo‘qorg‘i Kenges bilan birgalikda Bosh prokuraturadan ba’zi fuqarolarning qamoq ehtiyot chorasini yengilrog‘iga almashtirishni so‘radi.
Qayd etilishicha, yakkama-yakka shaklda o‘tkazilgan suhbat davomida ular vaziyatni yaxshi anglamagan holda yolg‘on axborotlar ta’siriga tushib qolishganini va sodir etgan qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon ekanliklarini bildirgan. Ayniqsa, ayollar farzandlarini juda sog‘inishganini va bo‘lib o‘tgan voqealardan to‘g‘ri xulosa chiqarishganini ma’lum qilishgan.
Komissiya ma’lumotiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Komissiya a’zolari tomonidan shakllantirilgan ro‘yxatdagi shaxslarga mahalliy tuman kengashlari deputatlarini jamoatchilik kafilligi asosida biriktirish taklifini qo‘llab-quvvatlagan.
“Yuqoridagilardan kelib chiqib, Komissiya va Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan sodir etgan qilmishlaridan pushaymon bo‘lgan, qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandlari bor, shuningdek oilaviy sharoiti va ijtimoiy holati og‘ir hamda oilada yolg‘iz boquvchi bo‘lgan fuqarolarga insonparvarlik tamoyili asosida qamoq ehtiyot chorasini jamoatchilik nazorati va uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasiga almashtirilishini so‘rab Bosh prokuraturaga taklif kiritildi”, - deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Komissiya tegishli Nizomga muvofiq, Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan voqealarni o‘rganishda mustaqil va davlat idoralari tomonidan uning faoliyatiga aralashuviga yo‘l qo‘ymagan holda aholi va jamoatchilik fikrini o‘rganishga zarur deb bilgan har qanday holat va ma’lumotlarni olish huquqiga ega.