O‘zbekiston Sibirga 200 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yuboradi

O‘zbekistonning rasmiy statistikasiga ko‘ra, Rossiya bozori O‘zbekistondan meva-sabzavot yetkazib berish bo‘yicha an’anaviy ravishda birinchi o‘rinda turadi.
Sputnik
TOShKENT, 30 avg — Sputnik. O‘zbekistonning besh viloyati Sibir federal okrugi hududlari chakana savdo tarmoqlariga qariyb 200 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini jo‘natadi. Bu haqida “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Aytilishicha, Xorazm, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hokim o‘rinbosarlari, tadbirkorlar va ishbilarmon doira vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Oltoy, Krasnoyarsk o‘lkasi, Novosibirsk, Tomsk viloyatlarining yirik gipermarketlar tarmog‘i va ulgurji savdo markazlari rahbarlari bilan uchrashdi.
“Muzokaralar doirasida hududlar vakillari Sibir federal okrugi hududiga qariyb 200 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha kelishuvlarni imzoladi”, deyiladi xabarda.
O‘zbekiston tomoni, shuningdek, Sibir federal okrugi shaharlaridagi ulgurji tarqatish markazlari – Novosibirskdagi “Rusagromarket”, shuningdek, "Aziya — Sibir" va Krasnoyarskdagi savdo-logistika markazida eksportchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish masalasi muhokama qilindi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya bozori O‘zbekistondan meva-sabzavot yetkazib berish bo‘yicha an’anaviy ravishda birinchi o‘rinda turadi. Yanvar-iyun oylarida mahsulotlarni yetkazib berish 11,6 foizga oshib, 163,1 mln dollarni tashkil etdi.