“Ingichka” konida texnogen chiqindilaridan ilk volfram mahsuloti olindi

Jahon bozorida 40 dollarga teng volframni yiliga 100 tonna ishlab chiqarish kutilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 30 avg — Sputnik. Samarqanddagi “Ingichka” koni texnogen chiqindilaridan ilk volfram mahsuloti olindi. Bu haqida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati xabar berdi.
“Ingichka” volfram konining texnogen chiqindilarini qayta ishlash va volfram konsentratini ajratib olish hisobiga yangi turdagi yuqori qo‘shilgan qiymatli eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
“Chiqindilarni qayta ishlash evaziga yiliga 100 tonna volfram olinadi. E’tiborlisi, bu loyiha 150 ta yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini berdi”, deyiladi xabarda.
Hozirgi kunda jahon bozorida 1kg volframning narxi - 40 dollar.
Ma’lumot uchun, volfram nodir metallar sirasiga kiradi va qattiq qotishmalar uchun asos hisoblanadi.
Volframdan po‘latlarni legirlashda, yeyilishga chidamli va issiqbardosh qattiq qotishmalar olishda foydalaniladi.
Shuningdek, aviatsiya, kosmonavtika va elektrotexnikada keng qo‘llaniladi. Zichligi yuqori bo‘lganligi uchun undan zirhlar ham tayyorlanadi.