Bag‘doddagi qurolli to‘qnashuvlar qurbonlari soni 30 kishiga yetdi – OAV

Iroq poytaxtida qurolli to‘qnashuvlar davom etmoqda. OAV mamlakat parlamenti binosi joylashgan yerda RBG-6 granatomotlari qo‘llanilgani haqida yozmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 30 avg — Sputnik. Iroq poytaxti Bag‘doddagi qurolli to‘qnashuvlar natijasida kamida 30 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Al Hadath” telekanali xabar bermoqda.
Avvalroq OAVda 20 kishi halok bo‘lgani xabar haqida xabar tarqalgan edi. Iroqning “Rudaw” telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, to‘qnashuvlarda kamida 380 kishi jabrlangan.
Iroqdagi norozilik namoyishlari nufuzli shialar yetakchisi Muqtadi as-Sadr o‘z siyosiy faoliyatini yakunlash qarorini e’lon qilganidan keyin yana kuchayib ketdi. U bu qarorini mamlakatdagi siyosiy vaziyat boshi berk ko‘chaga kirib qolgani bilan izohlagan.
Uning tarafdorlari Bag‘dodda hukumat shtabi majlis o‘tkazadigan Respublika saroyiga bostirib kirdi. Vazirlar kengashi ish to‘xtatib turilishini ma’lum qildi, komendantlik soati e’lon qilindi.
Iroq bosh vaziri Mustafo al-Kozimiy as-Sadrga murojaat qilib, o‘z tarafdorlarini hukumat binolari va "yashil hudud"ni (Bag‘dodning hukumat va chet el obyektlari joylashgan tumani) tark etishga chaqirishni talab qildi. As-Sadr dushanba kuni kechqurun ochlik e’lon qildi va uni Iroqdagi zo‘ravonliklar bas qilinmagunga qadar davom ettirishini ta’kidladi.
Butun Iroq bo‘ylab komendantlik soati e’lon qilinganiga qaramasdan, Bag‘dod va mamlakatning qator hududlarida to‘qnashuvlar davom etmoqda.
“Al Arabiya” telekanali seshanba kuni Iroq parlamenti binosi joylashgan yerda RBG-6 granatomotlari qo‘llanilganini xabar qildi.
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, Iroq hukumati va qator siyosiy kuchlari vakillari dushanbadan seshanbaga o‘tar kechasi “yashil hududda” o‘t ochishni bas qilish yuzasidan muzokaralar olib borgan, ammo erishilgan kelishuvlar borasida ma’lumot yo‘q.
IRNA agentligi Eron hukumati Iroq bilan chegarani vaqtincha yopishga qaror qilgani haqida xabar berdi.
Birlashgan millatlar tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish tomonlarni xotirjamlik, vazminlik va keskinlikni zudlik bilan yumshatishga chaqirdi. Zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirdi.
Iroqdagi siyosiy inqiroz 2021-yil kuzidan buyon davom etmoqda. As-Sadr partiyasi o‘tgan yil oktabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovlarda g‘alaba qozongan, biroq hukumat tuza olmagan va shialar yetakchisi o‘z deputatlarini parlamentdan olib chiqqandi. 2022-yil iyul oyida al-Sadr tarafdorlari yangi saylovlar o‘tkazish talabi bilan parlament binosini egallab olishi ortidan inqiroz avj oldi. Muqtadi as-Sadr 29-avgust kuni o‘z siyosiy faoliyatini yakunlash qarorini e’lon qilganidan keyin keskinlik yana kuchayib ketdi.