Talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar soni ma’lum bo‘ldi

Yangi o‘quv yilidan 39 962 nafar talaba davlat granti, 150 413 nafari esa to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni boshlaydi.
Sputnik
TOShKENT, 30 avg — Sputnik. Yangi o‘quv yili uchun 190 mingdan ziyod abituriyent bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha talabalikka tavsiya etildi. Bu haqida Davlat test markazi xabar berdi.
Aytilishicha, 39 962 nafar talaba davlat granti, 150 413 nafari esa to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni boshlaydi.
Talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarning ta’lim shakllari bo‘yicha taqsimoti:
Kunduzgi ta’lim shakli — 118 352 nafar;
Sirtqi ta’lim shakli — 45 407 nafar;
Kechki ta’lim shakli — 9 139 nafar;
Masofaviy ta’lim shakli — 3 416 nafar.
Tanlov natijalariga ko‘ra, davlat granti asosida o‘rtacha ball 121,2 ball, to‘lov-kontrakt asosida o‘rtacha ball 95,9 ballni tashkil etdi.
“Talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarning 176 mingdan ziyodi — umumiy qabul parametrlari doirasida, 13 mingdan ziyodi — imtiyozga ega abituriyentlar uchun ajratilgan qo‘shimcha qabul parametrlari doirasida tavsiya etilgan”, deyiladi xabarda.
Unga ko‘ra:
nogironligi bo‘lgan shaxslar — 3,2 ming nafar;
“Mehribonlik” uyi, Bolalar shaharchasi bitiruvchilari bo‘lgan hamda vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalar — 272 nafar;
muddatli harbiy xizmatni o‘tab, harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega bo‘lganlar — 4,7 ming nafar;
harbiy xizmatchilarning farzandlari — 1,9 ming nafar;
Ichki ishlar organlarining amaldagi xodimlari farzandlari — 739 nafar;
ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar — 1,9 ming nafar;
kamida 5-yil ish stajiga ega xotin-qizlar — 379 nafar.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yilda OTMlarga kirish uchun jami 1 mln 214 ming 232 nafar abituriyent hujjat topshirdi. Ularning 67 foizi avvalgi yillar bitiruvchilari hisoblanadi. Abituriyentlarning yarmidan ko‘pi kunduzgi ta’limni, 8,3 ming nafari esa masofaviy ta’limni tanlagan.