TOShKENT, 29 avg — Sputnik. Toshkent xalqaro aeroportida avtomobil turar joylari soni ikki barobarga ortadi. Bu haqida “Uzbekistan Airports” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ayni kunlarda poytaxt aeroporti yaqinidagi mavjud avtoturargohlarni rekonstruksiya qilish va yangilarini qurish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Yaqin vaqt ichida o‘rtacha 400 avtomobilga mo‘ljallangan yana bir avtoturargoh topshiriladi.
Toshkent xalqaro aeroporti
© Uzbekistan Airports
Uchib ketish zali oldidagi avtoturargohda avtomobil turar joylari soni 214 tadan 333 taga oshiriladi.
Hudud soyabon va savdo nuqtalarini olib tashlash, shuningdek, avtobus va taksilar uchun kirish yo‘laklarini qayta qurish hisobiga kengaytiriladi.
“Aeroport atrofidagi hududning yangi loyihasiga asosan avtomobil turar joylari soni 187 foizga — 336 tadan 630 tagacha ko‘paytirildi”, deyiladi xabarda.
Aeroport hududida yaratiladigan qulayliklar:
Uchish va kelish zallari orasidagi avtoturargoh ham rekonstruksiya qilinmoqda. U mehmonxonaga/mehmonxonadan tashishni amalga oshiruvchi turistik avtobuslar va mikroavtobuslar uchun mo‘ljallangan.
Chekka hududdagi ikkita avtoturargoh ham kelgusida rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilmoqda.
Tez orada uchish zalining uchinchi qavatida umumiy ovqatlanish va chakana savdo shoxobchalari ishga tushadi.
Uchib kelish zali oldida kutib oluvchilar uchun qishda issiq, yozda salqin bo‘ladigan yopiq inshootlar, shuningdek, o‘rindiqlar va savdo nuqtalari qurilishi rejalashtirilgan.
Qolaversa, hududda yuzdan ortiq daraxtlar ekish ham kutilmoqda.
Yashil hududdagi katta avtoturargoh hozirda “Uzbekistan Airports” balansiga o‘tkazilmoqda.
Ma’lumot uchun, bugungi kunga qadar Toshkent aeroportining xalqaro aviaqatnovlar terminali atrofidagi oltita avtoturargoh topshirilgan.
Uchib kelish zali oldida 175 o‘rinli yangi avtoturargoh yaratilib, 122 o‘rinli mavjud avtoturargoh rekonstruksiya qilindi.