TOShKENT, 29 avg — Sputnik. Odessa meri Gennadiy Truxanov Italiyaning “Corriere della Sera” gazetasiga bergan intervyusida Rossiya bilan muzokaralar olib borishga chaqirdi.
“Menimcha, siyosiy yo‘nalishda muzokaralar olib borish muhim, millionlab odamlarning hayoti xavf ostida”, dedi Odessa meri.
Uning fikricha, Ukraina 1991-yilgi chegaralarga qaytishi kerak, biroq bu bosqichma-bosqich amalga oshirilishi lozim. Bundan tashqari, siyosatchi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni viloyatlar va munitsipalitetlarga ko‘proq muxtoriyat bermagani uchun tanqid qildi. Truxanov, shuningdek, Yekaterina II, Pushkin va Gagarin yodgorliklarini buzishga qarshi chiqdi.
Odessa meri Ukraina rasmiylarining Rossiyaga qarshi qadamlariga birinchi marta qarshi chiqayotgani yo‘q. Iyun oyida siyosatchi shahardagi Pushkin ko‘chasi nomi o‘zgartirilgandan keyin “ruscha hamma narsaga nisbatan nafrat” kuchayib borayotganidan xavotir bildirgandi.
24 fevraldan beri Rossiya Ukrainani denatsifikatsiya va demilitarizatsiya qilish bo‘yicha harbiy maxsus operatsiya o‘tkazmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin uning vazifasi “sakkiz yil davomida Kiyev rejimi tomonidan tahqirlangan va genotsidga uchragan odamlarni himoya qilish” deb atagan. Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, yakuniy maqsad Donbassni ozod qilish va Rossiyaning o‘zi xavfsizligini kafolatlaydigan shart-sharoitlarni yaratishdir.
Rossiya armiyasi DXR va LXR kuchlari bilan birgalikda Lugansk Xalq Respublikasini va Doneskning muhim qismini, jumladan Volnovaxani, Mariupolni va Svatogorskni butunlay ozod qildi.