Abituriyentlardan apellyatsiya arizalarini qabul qilish boshlandi

Apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish 7-sentabrdan boshlanadi.
Sputnik
TOShKENT, 29 avg — Sputnik. Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlardan apellyatsiya arizalarini qabul qilish boshlandi. Bu haqida Davlat test markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, apellyatsiya arizalari my.dtm.uz sayti orqali (abituriyentning shaxsiy kabinetida) onlayn tarzda qabul qilinmoqda va 6-sentabrga qadar (10 kun) davom etadi.

Apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish 7-sentabrdan boshlanadi.

Abituriyent apellyatsiya shikoyati berishi uchun test sinovida ishtirok etgan va test sinovidan chetlatilmagan bo‘lishi lozim.
Ma’lumot uchun, apellyatsiya arizasini bergan abituriyentga uni ko‘rib chiqish sanasi va vaqti ko‘rsatilgan xabarnoma beriladi.
Abituriyent xabarnomada belgilangan vaqtda shaxsini tasdiqlovchi hujjat, xabarnoma va abituriyent ruxsatnomasi bilan Davlat test markaziga kelishi kerak.