Toshkent - Samarqand yo‘nalishidagi poyezdlar qatnovi ko‘paytiriladi

Bayram kunlari “Samarqand-Toshkent” yo‘nalishidagi "Afrosiyob" poyezdlari qatnovi bittaga ko‘payadi.
Sputnik
TOShKENT, 28 avg - Sputnik. O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz bir yilligi munosabati bilan Samarqand–Toshkent–Samarqand yo‘nalishida “Afrosiyob” poyezdlarining qatnovi bittaga ko‘payadi. Bu haqda Transport vaziriligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mustaqillik bayrami oldi va bayram kunlari Toshkentdan Samarqandga borib qaytuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari 7 ta reysda harakatlana boshlaydi.
“Bayram oldi va bayram kunlari yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida 767/768-sonli Samarqand–Toshkent–Samarqand yo‘nalishida “Afrosiyob” yuqori tezlikdagi elektropoyezdlarining harakatiga 29-avgustdan 4-sentabrgacha yana bir reysdan qo‘shiladi va jami 7 ta reysni tashkil etadi”, - deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, chiptalarni temir yo‘l kassalaridan, shuningdek, elektron tarzda quyidagi havola orqali xarid qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda mustaqillikning 31-yilligi “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shior ostida o‘tkaziladi. Bayram munosabati bilan o‘zbekistonliklar ketma-ket 4 kun dam oladi.
1 sentabr – payshanba (ishlanmaydigan bayram kuni);
2 sentabr – juma (qo‘shimcha ishlanmaydigan kun - ish haftasi turidan qat’i nazar);
3 sentabr – shanba (qo‘shimcha ishlanmaydigan kun - olti kunlik ish haftasi bo‘lgan xodimlar uchun);
4 sentabr – yakshanba (taqvim bo‘yicha dam olish kuni).