TOShKENT, 28 avg — Sputnik. 27 avgust kuni O‘zbekistonda yangi o‘quv yili uchun kirish imtihonlari natijalari e’lon qilindi.
Mandat natijalaridan norozi bo‘lgan abituriyentlar apellyatsiya berishi mumkin. Davlat test markazi (DTM) direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov apellyatsiya berish tartibi haqida ma’lumot berdi.
Apellyatsiya berish tartibi
Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarida ishtirok etgan va natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlar yakuniy tanlov natijalari e’lon qilingan kundan boshlab 10 kun davomida apellyatsiya shikoyati berishi mumkin.
Abituriyent my.dtm.uz saytidagi o‘z kabineti orqali ariza beradi va unga qaysi vaqtda DTMga (Toshkentga) yetib kelish vaqti ko‘rsatilgan xabarnoma jo‘natiladi.
Abituriyent xabarnomada ko‘rsatilgan vaqtda shaxsini tasdiqlovchi hujjat, xabarnoma va abituriyent ruxsatnomasi bilan DTMga kelishi kerak.
Apellyatsiya bergandan so‘ng qayta test sinovlari o‘tkaziladimi?
Belgilangan tartibga ko‘ra, apellyatsiyada abituriyentga o‘zi yechgan test topshiriqlari kitobi, javoblar varaqasi beriladi.
"Agarda savolga javobni to‘g‘ri belgilagan edim, lekin menga ball qo‘shilmagan deb hisoblasangiz, shu fan eksperti oldiga o‘tirasiz hamda o‘z e’tirozingizni ko‘rsatib o‘tasiz. Agarda, e’tirozingiz o‘rinli bo‘lsa, sizga shu savol uchun ball qo‘shiladi. Ekspert esa o‘z o‘rnida ushbu savol bo‘yicha e’tirozingizga to‘liq javob beradi. Yana bir marta qaytarib o‘taman, apellyatsiya qayta test sinovlarini topshiradi degani emas", – deya tushuntirgan Sardor Rajabov.