“Tashabbusli budjet” loyihalariga ovoz berish vaqtincha to‘xtatildi

Ovoz berish muddati texnik nosozliklar tufayli yo‘qotilgan kunlar soniga uzaytiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 28 avg — Sputnik. “Ochiq budjet” axborot portalida kuzatilayotgan texnik nosozliklar tufayli 29-avgust soat 18:00 ga qadar portalda profilaktika ishlari amalga oshiriladi. Bu haqda Moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu davr mobaynida “Ochiq budjet” axborot portalidan foydalanish, jumladan “Tashabbusli budjet” jarayonlari doirasida loyihalarga ovoz berish imkoniyati bo‘lmaydi.
“O‘z navbatida, “Tashabbusli budjet” 2-mavsumining ovoz berish davri texnik nosozliklar tufayli yo‘qotilgan kunlar soniga uzaytirilishini ma’lum qilamiz. Yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz hamda “Tashabbusli budjet” jarayonlaridagi ishtirokingiz uchun minnatdorlik bildiramiz”, - deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 24 avgustdan “Tashabbusli budjet” jarayonining 2-mavsumi doirasida ovoz berish jarayoni boshlandi. Mavsum doirasida fuqarolar tomonidan ilgari suriladigan loyihalarni moliyalashtirish maqsadida respublika bo‘ylab qariyb 1 trillion 62 mlrd so‘m mablag‘lar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.