TOShKENT, 28 avg - Sputnik. Qozog‘iston harbiy mahsulotlarni xorijga yetkazib berishni vaqtincha to‘xtatadi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur qaror bosh vazir Alixan Smailov raisligida o‘tgan mudofaa sanoati masalalari bo‘yicha komissiya yig‘ilishida qabul qilingan.
“Ishtirokchilar Sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vazirligining qurol-yarog‘, harbiy texnika va harbiy mahsulotlar eksportini 2023-yil avgust oyi oxirigacha to‘xtatish to‘g‘risidagi taklifini ko‘rib chiqdi. Bu taklif komissiya a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi”, - deyiladi xabarda.
Shuningdek, yig‘ilishda litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslarni auditorlik tekshiruvidan o‘tkazish hamda “Ruxsatnomalar va xabarnomalar to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish rejalari muhokama qilingan.
22 avgust kuni Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazdi, uning a’zolari qurol ishlab chiqarish va sotib olish, shuningdek, ushbu sohada eksport nazorati masalalarini ko‘rib chiqdi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha davlat rahbari qator topshiriqlar berdi.
Ma’lumot uchun, ijtimoiy tarmoqlarda Buyuk Britaniya Ukrainaga yetkazib berish uchun Qozog‘iston harbiy texnikasini sotib olgani haqida asossiz xabarlar tarqalgan edi. Qozog‘iston Sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vazirligi bu ma’lumotni rad etdi.