Minskdagi o‘rta maktabga o‘zbekistonlik qahramon nomi nomi berildi

Minsk shahridagi 36-sonli o‘rta maktabga Ikkinchi jahon urushi qahramoni o‘zbekistonlik G‘ulom Yoqubov nomi berildi.
Sputnik
TOShKENT, 28 avg — Sputnik. Belarus poytaxti Minsk shahridagi 36-sonli o‘rta maktabga o‘zbekistonlik, Ikkinchi jahon urushi qahramoni G‘ulom Yoqubov nomi berildi.
“Dunyo” agentligining O‘zbekistonning Minskdagi elchixonasi ma’lumotlariga tayanib yozishicha, tegishli qaror 28-iyul kuni qabul qilingan.
Minsk shahridagi o‘rta maktabga Ikkinchi jahon urushi qahramoni, vatandoshimiz G‘ulom Yoqubov nomi berildi
Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi qahramoni G‘ulom Yoqubov nomi Minskdagi ko‘chalaridan biriga ham berilgan edi.
Geroy Sovetskogo Soyuza Gulyam Yakubov
G‘ulom Yoqubov 1915-yil 15-may kuni Mirzaobod qishlog‘ida tug‘ilgan. U 1942-yil frontga ketadi, 1944-yil yozida pulemotchilar rotasiga qo‘mondonlik qilgan.
O‘zbekiston harbiy-tarixiy jamiyati ma’lumotiga ko‘ra, 1944-yil 23-iyun kuni Belarusni ozod qilish bo‘yicha harbiy operatsiya boshlangan. Unda Mogilov viloyatining Ludchitsi qishlog‘i yaqinidagi 150,9 metr balandlikda joylashgan tepalikni zabt etish katta ahamiyatga ega edi. Dushman qo‘shini va texnikasini asosiy hujum yo‘nalishidan chalg‘itish uchun qo‘mondonlik mazkur tepalikka zarba berishga qaror qildi. 24-iyunga o‘tar kechasi kapitan G‘ulom Yoqubov boshchiligidagi pulemotchilar dushmanning uchta okopini bosib o‘tib, tepalikni egallaydi.
Shundan so‘ng nemis bosqinchilari sovet jangchilarini qo‘rshab oladi. Kapitan Yoqubov tepalik mudofaasini uyushtiradi va boshqaradi. Kuchlar teng bo‘lmagan jang 20 soatcha davom etadi, jasur askarlar dushmanning 40 ta hujumini qaytarishga muvaffaq bo‘ladi, biroq Yoqubovning o‘zi jangda mardlarcha halok bo‘ladi.
Bu vaqtda, 1-Belarus fronti qo‘shinlari tepalikdan janubda, bir necha o‘n kilometr olislikda fashistlar mudofaasini yorib o‘tib, dushmanning Bobruysk guruhini siqib borib halqaga qamrab olishga kirishadi.
1945 yil 24-mart kuni marhum kapitan G‘ulom Yoqubovga Sovet Ittifoqi qahramoni unvoni berilgan. Shuningdek, u harbiy xizmatlari uchun orden va medallar bilan taqdirlangan.
Yoqubovning busti Asaka va Andijon shaharlarida o‘rnatilgan, Asaka va Bixovdagi ko‘chalar, shuningdek Asakadagi 25-sonli maktabga uning nomi berilgan.