TOShKENT, 28 avg — Sputnik. O‘zbekistonda moddiy madaniy meros obyektlariga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lganlik uchun javobgarlik belgilanishi kutilmoqda.
Oliy Majlis Senati xabariga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks moddiy madaniy meros obyektlariga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lishni o‘zida aks ettirgan 64−1-modda bilan to‘ldirilishi mumkin.
Moddada moddiy madaniy meros obyektlariga yozuvlar yozish, rasmlar chizish yo‘li bilan ularni tahqirlash yoki ularga shikast yetkazish javobgarlikka olib kelishi nazarda tutiladi.
Ularning tarixiy, ilmiy, badiiy yoxud o‘zgacha madaniy qimmatiga dog‘ tushiruvchi yoki ularni masxara qiluvchi harakatlarni sodir etish, xuddi shuningdek moddiy madaniy meros obyektlariga nisbatan jamoat tartibini buzuvchi harakatlarni sodir etganlik ma’muriy huquqbuzarlik sifatida qayd etiladi.