"Toshkent-Samara-Toshkent" yo‘nalishida qo‘shimcha poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

Endilikda ushbu xalqaro yo‘nalishga mamlakatdan haftada ikki marotaba yo‘lovchi poyezdlar qatnovi amalga oshiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 26 avg — Sputnik. "Toshkent-Samara-Toshkent" yo‘nalishida 5/6-sonli qo‘shimcha poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqida “O’ztemiryo’lyo’lovchi” xabar berdi.
Qayd etilishicha, qo‘shimcha qatnovlar xorijiy davlatlarga borish istagida bo‘lgan yo‘lovchilarning murojaatlarini o‘rganib chiqqan holda yo‘lga qo‘yilmoqda.
“Yo‘lovchilarga yanada ko‘proq transport xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida 1-oktabrdan haftaning shanba kunlari “Toshkent-Samara-Toshkent” yo‘nalishida 5 /6 sonli qo‘shimcha yo‘lovchi poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi”, deyiladi xabarda.
Endilikda ushbu xalqaro yo‘nalishga mamlakatdan haftada ikki marotaba yo‘lovchi poyezdlar qatnovi amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, 23-iyundan “Toshkent-Samara-Toshkent" yo‘nalishda yo‘lovchi poyezdlar qatnovi qayta tiklangan edi.