Murat Kamalov Jo‘qorg‘i Kenges raisi lavozimidan ketdi

Murat Kamalovning betobligi sababli egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Sputnik
TOShKENT, 26 avg — Sputnik. Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Murat Kamalov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Qayd etilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorgi Kengesining navbatdan tashqari 34-sessiyasida Murat Kamalovning betobligi sababli vakolat muddatini oldindan to‘xtatish va egallab turgan lavozimidan ozod etish haqidagi murojaati ko‘rib chiqilib, uning vakolat muddatini oldindan to‘xtatish hamda egallab turgan lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Ma’lumot uchun, Murat Kamalov 1955-yilda Nukus shahrida tug‘ilgan. Oliy ma’lumotga ega huquqshunos sifatida ko‘p yillar mas’uliyatli lavozimlarda faoliyat yuritgan.
2020 yil sentabr oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining deputati etib, 2-oktabr kuni Jo‘qorg‘i Kengesning navbatdan tashqari sakkizinchi sessiyasida Jo‘qorg‘i Kenges Raisi etib saylangan.
Shu yilning 21-oktabr kuni esa qonun talablariga muvofiq yashirin ovoz berish orqali 72 ta ovoz bilan senator Murat Qallibekovich Kamalov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi o‘rinbosari etib saylangan.
Ayni vaqtda Oqsoqollar kengashining qaroriga muvofiq Jo‘qorg‘i Kenges raisi lavozimiga tavsiya etilgan Amanbay Tleubayevich Orinbayevning nomzodini ko‘rib chiqilmoqda.