TOShKENT, 25 avg — Sputnik. Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida vazir maslahatchisi Bobur Rahimov boshchiligida Sun’iy intellekt bo‘yicha maslahat kengashi tashkil etildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, kengash sun’iy intellekt bo‘yicha mamlakat milliy strategiyasini rivojlantirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish jarayonida jamoatchilik fikrini o‘rganadi. Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov kengashning faxriy raisi hisoblanadi.
Kengash doirasida sun’iy intellektdan foydalangan holda amaliy tajribalar o‘tkazish va ularni imkon qadar qisqa vaqt ichida mamlakat iqtisodiyotiga tatbiq etish uchun tadqiqotchilarni kompaniyalar bilan birlashtiradigan ishchi guruhlar tuziladi.
Kengash ishida xususiy sektor, ilmiy va ekspert doiralari, ommaviy axborot vositalari, jamoat tashkilotlari, taniqli jamoat arboblari ixtiyoriy ravishda ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi.