TOShKENT, 25 avg — Sputnik. O‘zbekistonning sharqiy qismidagi Chotqol tog‘lari hududidan o‘rta va yuqori paleolit davri xususiyatlarini aks ettiruvchi ko‘plab tosh qurollar topildi. Bu haqida Fanlar akademiyasi xabar berdi.
Aytilishicha, arxeologik dala qidiruv tadqiqot ishlari natijasida Ohangaron darosi o‘rta oqimi, o‘ng sohilida joylashgan yangi paleolit yodgorligi, “Ko‘ksaroy 2” manzili aniqlandi.
Tadqiqotlar natijasida o‘rta va yuqori paleolit davri xususiyatlarini aks ettiruvchi ko‘plab tosh qurollar majmuasi qo‘lga kiritildi.
O‘rta va yuqori paleolit davri tosh qurollari
© O‘zbekiston fanlar akademiyasi
"Tuproq namunalari tahlili “Ko‘ksaroy 2” ning yoshi 70-20 ming yilliklarni o‘z ichiga olganini ko‘rsatdi. Ushbu yodgorlik O‘rta Osiyoning o‘rta paleolitdan yuqori paleolitga o‘tish davriga daxldor munozarali masalalarni o‘rtaga tashlamoqda”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, arxeologik dala qidiruv tadqiqot ishlari Rossiya Fanlar akademiyasi Sibir bo‘limi Arxeologiya va etnografiya instituti, Polshaning Varshava universiteti arxeologiya fakulteti va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi tomonidan olib borildi.