TOShKENT, 24 avg — Sputnik. Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trassning mamlakat bosh vaziri lavozimiga nomzodi nafaqat Rossiya, balki Yevropa va butun dunyo uchun xavf tug‘diradi, uning yadro qurolidan foydalanishga tayyorligi haqidagi bayonoti “granatali maymun” holatiga o‘xshaydi, deydi Rossiya Federatsiya Kengashi xalqaro qo‘mitasi a’zosi Sergey Sekov RIA Novostiga.
“Bu “granatali maymun”ning odatiy misoli — undan hamma narsani kutish mumkin”, - degan siyosatchi.
Sekovning fikricha, Trass nafaqat Rossiya uchun, balki Buyuk Britaniyaning o‘zi va butun dunyo uchun ham xavf tug‘diradi.
Avvalroq, Buyuk Britaniya bosh vaziri lavozimi uchun kurashayotgan Trass, agar kerak bo‘lsa, yadro qurolini ishga tushirish tugmachasini bosishga tayyorligini aytgan edi.
Ma’lumot uchun, aprel oyida Britaniya bosh vaziri Boris Jonson koronavirus pandemiyasi davrida Dauning-stritdagi bazmlar bilan bog‘liq janjallarga qaramay, u bosh vazir kursisida qolishi va 2024-yilga belgilangan navbatdagi parlament saylovlarida qatnashishi mumkinligiga ishonch bildirgan edi.
Biroq, 7-iyul kuni, Britaniya hukumati a’zolarining ommaviy iste’foga chiqishi ortidan, u konservatorlar partiyasi rahbari va bosh vazir lavozimlarini tark etishini e’lon qildi. Jonson partiya yangi yetakchini saylamaguncha o‘z lavozimida qolmoqda.
Ayni vaqtda mamlakat sobiq moliya vaziri Rishi Sunak va tashqi ishlar vaziri Liz Trass bosh vazirlik uchun kurash olib bormoqda.