TOShKENT, 24 avg — Sputnik. Toshkentda Rossiya “Bolshoy teatr” yulduzlari ishtirokida balet kechasi bo‘lib o‘tadi. Bu haqida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi xabar berdi.
Madaniy kecha 3-oktabr soat 19:00 da Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri sahnasida o‘tkaziladi.
Unda “Bolshoy teatr”ning balet raqsi ustalari, jumladan Leonid Masin mukofoti sovrindori Mariya Aleksandrova, oliy toifali raqqos Aleksandr Volchkov, “Oltin niqob” mukofoti sovrindori Vacheslav Lopatin, prima-balerina Yevgeniya Obrazsova va boshqa taniqli artistlar ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, poytaxtda 25—26-sentabr kunlari taniqli raqqos Sergey Polunin rahbarligidagi mashhur “Satori” baletining premyerasi taqdim etiladi.
Shuningdek, 8-sentabr kuni dirijor Vladimir Spivakov boshchiligidagi Rossiya Milliy filarmoniya orkestrining konserti bo‘lib o‘tadi.