TOShKENT, 24 avg — Sputnik. Afg‘onistondagi vaziyat fonida Rossiya Tojikiston va Qirg‘izistondagi bazalarining jangovar tayyorgarligini oshirmoqda, dedi Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu.
“O‘z navbatida biz Qirg‘iziston va Tojikistondagi Rossiya harbiy bazalari hamda boshqa kuchlarning yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan inqirozli vaziyatlarga javob berish uchun jangovar tayyorgarligini oshirmoqdamiz”, — dedi Shoygu ShHTga a’zo davlatlar harbiy idoralari rahbarlarining yig‘ilishida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Afg‘onistondagi vaziyat IShID* va Al-Qoida* kabi xalqaro terrorchilik tashkilotlari faollashib borayotgan Markaziy Osiyoda xavfsizlik uchun jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda”.
“Davom etayotgan qurolli qarama-qarshilik sharoitida mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat yomonlashmoqda, diniy radikalizm mafkurasi singdirilmoqda, narkotik moddalar savdosi va transchegaraviy jinoyatlar avj olmoqda”, — dedi vazir.
Rossiya Afg‘onistonda vaziyatni tartibga solish bo‘yicha har qanday xalqaro tashabbuslarni olqishlaydi va shu bilan birga Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni ta’minlash choralarini ko‘radi.
Shoyguning eslatishicha, iyun oyida Moskvada Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya mudofaa vazirliklari rahbarlarining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, unda Afg‘onistondagi vaziyat va uni barqarorlashtirish yo‘llari ko‘rib chiqildi.
"Bunday uchrashuvlar ShHT platformasida, jumladan, huquq-tartibot idoralarimiz o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni kuchaytirish uchun talabga ega bo‘lishiga ishonamiz. Ayniqsa, Afg‘oniston ShHTda kuzatuvchi davlat bo‘lganligi sababli", - debxulosa qildi Shoygu.
* Rossiyada taqiqlangan terrorchilik tashkiloti