TOShKENT, 23 avg — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlat rahbarlari amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish lozim ekanini ta’kidlab o‘tishdi.
Shu ma’noda, kelgusi kuzda ikki mamlakat hududlari forumi va sanoat salohiyati ko‘rgazmasini o‘tkazish muhimligi qayd etildi.
Mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi. Bo‘lajak ko‘p tomonlama uchrashuvlar, shu jumladan Samarqand shahridagi Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlarining rejasi va kun tartibi ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot uchun, avgust oyi boshida qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi hamda O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya tashqi ishlar, transport va savdo vazirlarining birinchi uchrashuvi samarali o‘tkazildi.
Joriy yilda o‘zaro tovar ayirboshlash 70 foizga oshdi. Qishloq xo‘jaligi, ipakchilik va to‘qimachilik sanoati, mashinasozlik, kimyo va boshqa tarmoqlarda qo‘shma kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish boshlandi.
O‘zbekiston-Ozarbayjon investitsiya fondini tez fursatda ishga tushirish ishlari olib borilmoqda. Madaniy-gumanitar almashinuv kengaymoqda.