Nima uchun AQShga Markaziy Osiyoda harbiy mashq o‘tkazish kerak

Patrushev Tojikistondagi mashg‘ulotlarni AQShning ehtimoliy harbiy amaliyotlar maydoniga qiziqishi bilan bog‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 23 avg — Sputnik. Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev AQShning Markaziy Osiyodagi harbiy mashg‘ulotlarga qiziqishini potensial harbiy harakatlar teatrini o‘rganish imkoniyati sifatida izohladi. Bu haqda u ShHTdagi hamkasblari bilan uchrashuvda gapirdi.
Gap 10-avgust kuni Tojikistonda boshlangan “Mintaqaviy hamkorlik – 2022” mashqlari haqida ketmoqda. Patrushevning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya AQSh ishtirokidagi bu manyovrlarni amerikaliklarning Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar bilan “antiterror amaliyotlarini o‘tkazish maqsadida u yerda vaqtinchalik infratuzilma” yaratish bo‘yicha muzokaralar olib borishga urinishlari sifatida baholaydi.
“Hamkorlarimizga shuni eslatib o‘tmoqchimanki, amerikaliklarga bunday tadbirlar birinchi navbatda potensial harbiy harakatlar teatrini o‘rganish, istiqbolli nishonlar koordinatalarini aniqlashtirish va yuqori aniqlikdagi qurollar uchun raqamli xaritalarni nishonga olish uchun kerak”, — deya Xavfsizlik Kengashi kotibining so‘zlaridan iqtibos keltiradi “Argumenti i fakti” gazetasi.
U ShHTga a’zo barcha davlatlar AQShning bu tashabbuslari o‘z xavfsizligi uchun qanday o‘ta katta xavf tug‘dirayotganini tushunishlariga umid bildirdi.
O‘tgan hafta Toshkentda ShHTga a’zo davlatlar xavfsizlik kengashlari kotiblarining o‘n yettinchi yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.