Imron Xonga terrorizm bo‘yicha ayblov qo‘yildi

Ayblov Imron Xonning 20-avgust kuni Islomobodda qilgan nutqidan kelib chiqqan.
Sputnik
TOShKENT, 23 avg — Sputnik. Pokiston politsiyasi sobiq bosh vazir Imron Xonga terrorizmga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunni buzganlik bo‘yicha ayblov qo‘ydi. Bu haqda “The Guardian” xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, ayblov Imron Xonning 20-avgust kuni Islomobodda qilgan nutqidan kelib chiqqan bo‘lib, unda u politsiya va sudyani sudga berish niyati borligini ma’lum qilgan hamda hibsga olinganidan keyin yaqin yordamchisi qiynoqqa solinganini iddao qilgan.
Ayni damda Xon ozodlikda qolmoqda va uning partiyasining yuzlab tarafdorlari politsiya siyosatchini hibsga olishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun sobiq bosh vazirning uyini qurshab olgan. Xonning advokati bir vaqtning o‘zida Oliy suddan mijozini hibsga olishni taqiqlashni so‘ragan.
Ma’lumot o‘rnida, Imron Xon bir necha yillik qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Pokiston parlamenti aprel boshida bosh vazir Imron Xonga ishonchsizlik votumi bildirishni yoqlab ovoz bergan edi va u lavozimidan chetlashtirilgan edi. Uning o‘rnini muxolifat partiyasidan bo‘lgan Shahboz Sharif egallagan.