TOShKENT, 23 avg — Sputnik. Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) bo‘limlari ko‘plab davlatlarda ehtiyoj ortib borayotgan bir paytda, shuningdek, boy donor davlatlarning Ukrainadagi vaziyatga e’tibor qaratishi ortidan dunyo mamlakatlariga insonparvarlik yordami uchun mablag‘ning rekord darajada tanqisligiga duch kelmoqda. Bu haqda “The New York Times” yozmoqda.
Nashrning qayd etishicha, bu yil boy mamlakatlardan badallar biroz oshgan, biroq zarur bo‘lgan mablag‘lar hajmidan ancha sekinroq sur’atda.
“Bu biz ko‘rgan eng katta moliyalashtirish bo‘shlig‘i, chunki ko‘p jihatdan yordamga muhtoj zaif odamlar soni shiddat bilan o‘sib bormoqda”, dedi BMT Bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha yordamchisi Martin Griffits.
Gumanitar yordam va qochqinlar tashkilotlarining ta’kidlashicha, moliyalashtiruvchi davlatlar Ukraina aholisi uchun Yaqin Sharq yoki Afrika aholisiga qaraganda ko‘proq tashvish bildirishmoqda.
BMTning ta’kidlashicha, gumanitar inqirozlarni yumshatish uchun ajratilayotgan mablag‘lar muhim ehtiyojlarni - oziq-ovqat, suv, elektr energiyasi va ta’limni qondirish uchun zarur bo‘lganidan “ortda qolmoqda”. Vaziyat, shuningdek, koronavirus pandemiyasi va qurg‘oqchilik, shuningdek, Ukrainadagi voqealar tufayli yanada og‘irlashmoqda.