Aholi yashash hududlarini mobil aloqa tarmog‘i bilan qamrab olish darajasi 98 %ga yetkaziladi

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini 2022-2023 yillarda yanada rivojlantirishning asosiy vazifalari belgilandi.
Sputnik
TOShKENT, 23 avg — Sputnik. O‘zbekistonda aholi yashaydigan hududlarning 98 foizi mobil aloqa bilan qamrab olinadi. Bu haqida prezident tomonidan imzolangan PQ–357-sonli qarorda nazarda tutilgan.
Qarorga muvofiq, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini 2022-2023 yillarda yanada rivojlantirishning asosiy vazifalari belgilandi.
2022 yil yakunigacha:
aholi yashash maskanlarini mobil aloqa tarmog‘i bilan qamrab olish darajasi 98 foizga, xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘llarida mobil internet qamrovi 60 foizga yetkaziladi;
40 ming km optik tolali aloqa liniyalarini qurish orqali qamrov 80 foizga yetkaziladi;
elektron davlat xizmatlari ko‘rsatilishiga xususiy sektorni jalb qilish orqali foydalanuvchilar soni 2 barobarga yetkaziladi.
2023 yil yakunigacha:
raqamli texnologiyalar sohasida yiliga 6,5 ming nafardan ortiq yoshlarning axborot texnologiyalari yo‘nalishida ta’lim olishi yo‘lga qo‘yiladi;
davlat organlari, shu jumladan mahalliy hokimlik organlarida hamda iqtisodiyotning real sektori tarmoqlaridagi korxonalarda 214 ta axborot tizimi va dasturiy mahsulotlar joriy etiladi.
Shu yilning 1-sentabrdan respublikaning barcha hududlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash orqali masofaviy xizmatlarni eksport qilish markazlari bosqichma-bosqich tashkil etiladi.
2023 yil 1-yanvardan tegishli davlat organlari (24 ta) rasmiy veb-sayti va portallarini “Yagona darcha” tamoyili asosida o‘z ichiga oluvchi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati portali yagona platformasi ishga tushiriladi.