Sankt-Peterburg universiteti onlayn maktabiga qabul boshlandi

Onlayn maktabda ta’lim olish bepul amalga oshiriladi – tafsilotlar.
Sputnik
TOShKENT, 22 avg — Sputnik. Sankt-Peterburg davlat universitetining onlayn maktabi kelgusi o‘quv yili uchun ishtirokchilarni qabul qilish jarayonlari boshlanganini e’lon qildi. Bu haqida Rossotrudnichestvoning “Rus uyi” vakolatxonasi xabar berdi.
Sankt-Peterburg universitetining onlayn maktabi - bu noyob ta’lim loyihasi bo‘lib, unda xorijlik o‘quvchilar universitetning yetakchi o‘qituvchilari tomonidan rus maktabining o‘rta va yuqori sinflari o‘quv rejasiga muvofiq fanlarni qo‘shimcha ravishda o‘rganadilar.
Shunday qilib, yangi o‘quv yilida 5-11-sinf o‘quvchilari uchun quyidagi fanlardan darslar o‘tkaziladi:
biologiya;
geografiya;
tarix;
adabiyot;
matematika;
ijtimoiy fanlar;
atrofdagi olam;
rus tili;
fizika;
kimyo.

Maktabda xorijiy fuqarolar bilan bir qatorda, chet elda yashovchi ruslar ham ta’lim olishlari mumkin. O‘quv jarayonlari bepul amalga oshiriladi. Darslar 8-oktabrdan boshlanadi va 2023-yil may oyi so‘ngiga qadar har shanba kuni olib boriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Sankt-Peterburg davlat universitetining vakolatxonasi ochilgani ma’lum qilingandi. Vakolatxona hududdagi oliy o‘quv yurtlari bilan aloqalarni mustahkamlash, korporativ sektor bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, rus tili, tarixi va madaniyatini targ‘ib qilish, shuningdek, akademik almashinuvlarni, qo‘shma ilmiy va ta’lim loyihalarini rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.