TOShKENT, 22 avg — Sputnik. O‘zbekiston tijorat banklari tomonidan muomalaga kiritilgan bank kartalari soni 30 mlndan oshdi. Bu haqida Markaziy bank xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, 1-avgust holatiga 35 ta tijorat banki tomonidan o‘rnatilgan bankomat va infokiosklar soni 18 450 tani tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatgich 22-iyul kuni 16 830 taga teng edi.
O‘rnatilgan to‘lov terminallari soni esa 433 178 taga teng bo‘ldi.
Yanvar-iyul oylari davomida to‘lov terminallari orqali tushgan tushumlar 88,5 trln so‘mdan oshdi.
Masofadan bank xizmatlarini ko‘rsatuvchi tizimlardan foydalanuvchilarning soni 26 274 113 nafarga teng bo‘ldi.
Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar - 1 075 394 nafar;
Jismoniy shaxslar - 25 198 719 nafar.
Eslatib o‘tamiz, hozirda mamlakatda mijozlarni masofaviy biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasidan 15 ta tijorat banki va 4 ta to‘lov tashkiloti foydalanmoqda.
Tahlillar respublikada bank kartasi va to‘lov terminalidan bevosita foydalanmasdan yetkazilgan tovar va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun mobil ilova dasturlari yordamida QR-kod orqali tezkor to‘lovlarni amalga oshirish ommalashib borayotganini ko‘rsatmoqda.