TOShKENT, 22 avg — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston yetakchisi Sadir Japarovga Rossiyaning Ulyanovsk viloyatida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida mamlakat fuqarolarining nobud bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
“Qardosh Qirg‘iziston xalqiga chuqur ta’ziya izhor etib, davlatimiz rahbari halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga samimiy hamdardlik so‘zlarini yetkazishni so‘radi, jabrlanganlar shifo topishini tiladi”, - deyilgan xabarda.
21 avgust kuni Ulyanovsk viloyatida yuk mashinasi to‘xtab turgan va ichida yo‘lovchilari bo‘lgan mikroavtobusga borib urildi. Jami 16 kishi, jumladan, 14 nafar Qirg‘iziston fuqarosi halok bo‘ldi, 3 nafari esa jarohatlandi. 23-avgust Qirg‘izistonda umummilliy motam kuni deb e’lon qilindi.