Chilonzor tumaniga yangi hokim va prokuror tayinlandi

Saidqahhor Xolxo‘jayev Toshkent shahri Chilonzor tumani hokimi bo‘ldi.
Sputnik
TOShKENT, 22 avg — Sputnik. Saidqahhor Xolxo‘jayev Toshkent shahri Chilonzor tumani hokimi etib tayinlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bugun Xalq deputatlari Chilonzor tumani Kengashining navbatdan tashqari 64-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada Chilonzor tumaniga yangi hokimni tayinlashga oid masala ko‘rib chiqildi.
"Endilikda bugungacha O‘zbekiston Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari va boshqa mas’ul lavozimlarda ishlab kelgan Xolxo‘jayev Saidqahhor Muhammadkarim o‘g‘li Chilonzor hokimi vazifasini bajaradi", - deyilgan xabarda.
Saidqahhor Xolxo‘jayev 1981-yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. 2006-yilda Toshkent moliya institutini tamomlagan.
Shuningdek, Jahongir Muradov Chilonzor tumani prokurori etib tayinlandi. Tayinlovga qadar u Bekobod shahar prokurori lavozimida faoliyat yuritgan.
Alisher Murodullayev esa tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i etib tayinlandi Tayinlovga qadar u Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasida faoliyat yuritgan.
Avvalroq Jamoliddin Xojimanov Chilonzor tumani hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangani xabar qilingan edi.
Ma’lumot uchun, 8-avgust kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga asosan tumanning sobiq rahbari Shavkat Mavlonov va prokurori Izzat Bozorov lavozimidan ozod etilgan edi.
Ularning ishdan ketishiga Chilonzor ko‘chasini rekonstruksiya qilish jarayonida ko‘plab eman daraxtlarining tomir qismiga shikast yetkazilgani sabab bo‘lgan.