TOShKENT, 22 avg — Sputnik. 2023 yil 1-yanvardan boshlab mikro biznes uchun aylanmadan olinadigan soliqning amaldagi 4 foizdan 25 foizgacha bo‘lgan stavkalari o‘rniga yagona 4 foizli soliq stavkasi joriy etiladi. Bu haqida O‘zbekiston prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti davomida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, uchrashuv davomida Shavkat Mirziyoyev soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan 5 ta yo‘nalishda tashabbuslarni bildirdi.
Birinchi yo‘nalish – korxonalarni toifalarga ajratib, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida yondashuvni belgilash.
Bunda, korxonalar yillik aylanmasi bo‘yicha toifalarga ajratiladi.
Bular:
1 milliard so‘mgacha bo‘lgani – mikro biznes;
10 milliard so‘mgacha bo‘lgani – kichik biznes;
100 milliard so‘mgacha bo‘lgani o‘rta biznes toifasiga kiradi.
Bunda, olis hududlardagi va alohida toifadagi tadbirkorlar uchun amaldagi 1 va 2 foizli stavkalar saqlab qolinadi.
Yoki, ular ixtiyoriy ravishda yiliga 20-30 million so‘m to‘lasa, buxgalteriya hisobini yuritish va soliq idoralariga taqdim etish majburiyatidan ozod etiladi.
Ikkinchi toifa, ya’ni aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshib, umumiy soliq to‘lash tartibiga o‘tgan korxonalar bir yil davomida foyda solig‘ini 2 barobar kam to‘laydi.
"Ushbu imkoniyatlar 370 ming tadbirkorga yengilliklar yaratadi va ularga juda katta stimul beradi", deydi prezident.
Shuningdek, prezident tez o‘sib borayotgan yuqori salohiyatli o‘rta korxonalar sonini hozirgi 3,5 mingtadan 10 mingtaga yetkazish zarurligini ta’kidladi.
Buning uchun, 2023-yil 1-yanvardan:
kichikdan o‘rta biznesga o‘tgan korxonalar ikki yil davomida foyda solig‘ining faqat 50 foizini to‘laydi;
mulkni sug‘urta qilish xarajatlarining 50 foizi davlat hisobidan qoplab beriladi;
soddalashtirilgan soliq, moliyaviy va statistika hisobotlari joriy etiladi;
davlat xaridlarida 20 foiz kvota o‘rnatilib, ushbu xaridlar doirasida ularga oldindan 50 foiz mablag‘ to‘lab beriladi (amalda 15 foiz).
Qolaversa, 2023-yil 1-yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 12 foizga tushirilishi qayd etildi.
Aytilishicha, 1-iyuldan boshlab bo‘sh bino, foydalanilmayotgan yer uchastkasiga nisbatan mol-mulk va yer soliqlarining oshirilgan stavkalarini qo‘llash bekor qilingan. Lekin avval oshirib hisoblangan soliqlar nima bo‘ladi, degan savol 19 ming tadbirkorni bezovta qilmoqda va bu bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushgan.
Prezident o‘z so‘zida “tadbirkorlarning oshirilgan soliq stavkalari bo‘yicha hisoblangan 2 trillion so‘mlik qarzlaridan butunlay voz kechsak, nima deysizlar?", - deya murojaat qildi.